Maxfiylik siyosati

TezDetal veb-sayti va ilovasi (Android: uz.tezdetal.app) qanday ma'lumot yig'adi, nima uchun ishlatadi va kimlarga ko'rsatadi. Sotilmaydigan narsalar ham aniq yozilgan.

Oxirgi yangilanish:

Ma'lumotlar operatori

Ma'lumotlaringizni «TEZ KOD» mas'uliyati cheklangan jamiyati (STIR 313057467) boshqaradi — TezDetal xizmatini yuritadigan kompaniya. Manzil: Toshkent sh., Olmazor tumani, Chuqursoy MFY, Qora-Qamish 1/4, 20-uy, 19-xonadon.

Bog'lanish: Telegram @tezdetal_uz, telefon +998 90 004 49 01, elektron pochta tezdetal@gmail.com.

Qanday ma'lumot yig'amiz

  • Telefon raqam — hisobning o'zi. Majburiy, chunki kirish SMS kodi orqali.
  • Ism — buyurtmani rasmiylashtirish va sotuvchiga ko'rsatish uchun.
  • Yetkazib berish manzili — kuryerga topshirish uchun.
  • Buyurtmalar tarixi — hisobingizda ko'rinadi, qaytarish va nizo uchun kerak.
  • Viloyat va tuman — yaqin do'konlarni ko'rsatish uchun.
  • Saqlangan karta (ixtiyoriy) — xaridor o'zi qo'shsa, karta raqami shifrlangan holda saqlanadi, ekranda faqat oxirgi 4 raqam ko'rinadi.
  • Texnik ma'lumot — qurilma turi, brauzer, IP manzil, sessiya. Xavfsizlik va nosozliklarni tuzatish uchun.
  • Foydalanish statistikasi — qaysi sahifa va ekranlar ochilgani (quyida "Statistika va cookie" bo'limiga qarang).

Joylashuv

Ilova aniq joylashuvingizni (GPS) faqat ilova ochiq paytida va faqat siz ruxsat bersangiz so'raydi. Fonda joylashuv kuzatilmaydi.

Maqsad: yaqin do'konlarni ko'rsatish, yetkazib berish nuqtasini xaritada belgilash, sotuvchi uchun do'kon joylashuvini kiritish. Ruxsat bermasangiz ham ilovadan foydalanasiz — manzilni qo'lda tanlaysiz. Veb-saytda joylashuv brauzer so'raganda, xuddi shu maqsadda ishlatiladi.

Kamera va rasmlar

Kamera va galereyaga ruxsat faqat siz rasm tanlaganingizda so'raladi: mahsulot rasmlari, do'kon logotipi va banneri, to'lov cheki skrinshoti. Boshqa rasmlarga kirilmaydi, mikrofon ishlatilmaydi.

Sotuvchi shaxsni tasdiqlashni (ixtiyoriy) tanlasa, pasport rasmi va selfi yuklanadi. Ular yopiq xotirada saqlanadi, faqat tasdiqlash uchun ishlatiladi: rasmlar sun'iy intellekt xizmati (Anthropic) orqali o'zaro solishtiriladi va administrator ko'rib chiqadi. Reklama yoki boshqa maqsadda ishlatilmaydi.

Qurilma identifikatori va bildirishnomalar

  • Qurilma ID — ilova yoki brauzer birinchi ochilganda yaratiladigan tasodifiy raqam (UUID). Apparatdan hech narsa o'qilmaydi. Firibgarlikni aniqlash va xavfsizlik uchun, hamda bir qurilmadagi harakatlarni bog'lash uchun. Shu raqam bilan bog'liq faollik yozuvlari 90 kundan keyin avtomatik o'chiriladi.
  • Push-bildirishnoma tokeni — buyurtma holati haqida xabar yuborish uchun. Android'da xabarlar Expo xizmati va Google Firebase Cloud Messaging orqali yetkaziladi. Bildirishnomaga ruxsatni qurilma sozlamalaridan istalgan payt o'chirasiz.
  • Telegram — buyurtma xabarlari uchun, agar akkauntingizni Telegram'ga o'zingiz ulagan bo'lsangiz.

Statistika va cookie

Veb-saytda foydalanish statistikasi uchun Google Analytics 4 ishlatiladi, shuningdek xizmat sahifa tezligi va xatti-harakat tahlili uchun Yandex Metrika (bosish xaritasi va seanslar yozuvi bilan) ulanishi mumkin. Ular cookie va brauzer identifikatorlaridan foydalanadi; Google va Yandex ma'lumotni o'z siyosatiga ko'ra qayta ishlaydi. Brauzer sozlamalarida cookie'ni bloklashingiz mumkin.

Ilovada Google Analytics yoki Firebase Analytics ishlatilmaydi. Ilova faqat o'zimizning hodisalar jurnalimizga (qaysi ekran ochilgani) yozadi.

Zarur cookie'lar: til, sessiya va kirish. Bundan tashqari lentani shaxsiylashtirish uchun td_pref (so'nggi ko'rilgan toifalar, 90 kun) va aralash tartib uchun td_seed (brauzer yopilguncha) cookie'lari qo'yiladi. Birinchi cookie "Qabul qilish" tugmasi bosilgandagina yoziladi; tanlovingiz 1 yil eslab qolinadi.

To'lovlar

Karta bilan to'lov Payme yoki Click orqali amalga oshadi: to'lov tasdiqlanadigan sahifa to'lov provayderiniki, xaridorning karta raqami, muddati va kodi TezDetal serverlariga tushmaydi va saqlanmaydi. Biz faqat to'lov holatini (to'langan / to'lanmagan) va summani olamiz.

Naqd to'lov yoki chek orqali to'lovda sotuvchi chek skrinshoti yoki havolasini ko'radi.

Sotuvchi ma'lumotlari

  • STIR yoki JShShIR — karta orqali sotilgan tovar uchun fiskal chek shakllantirishda kerak. Ochiq ko'rsatilmaydi.
  • Pul yechish kartasi — sotuvchiga tushumni o'tkazish uchun. Karta raqami shifrlangan holda saqlanadi va xaridorga hech qachon ko'rsatilmaydi; karta egaligi Payme orqali SMS kod bilan tasdiqlanadi.
  • Do'kon ma'lumoti — nomi, manzili, joylashuvi, telefoni: xaridorlarga ochiq ko'rsatiladi.
  • Pasport va selfi — faqat sotuvchi shaxsni tasdiqlashni tanlasa (yuqoridagi "Kamera va rasmlar").

Nima uchun ishlatiladi

  • Buyurtmani qabul qilish, yetkazish va to'lovni amalga oshirish.
  • Buyurtma holati haqida xabar berish (SMS, push va Telegram).
  • Qaytarish, pul qaytarish va nizolarni ko'rib chiqish.
  • Firibgarlik va suiiste'molning oldini olish.
  • Soliq va buxgalteriya talablarini bajarish.
  • Xizmatni yaxshilash — umumlashtirilgan statistika asosida.

Kim ko'radi

Buyurtma bergan sotuvchi ismingiz, telefoningiz va yetkazish manzilingizni ko'radi — buyurtmani bajarish uchun zarur. U boshqa sotuvchilarning buyurtmalarini ko'rmaydi. Kuryer yetkazish uchun zarur ma'lumotni oladi.

Xizmat ko'rsatuvchilar (ma'lumotni faqat o'z vazifasi uchun oladi): SMS operatori; to'lov provayderlari Payme va Click; push uchun Expo va Google Firebase; xarita plitkalari xizmati OpenFreeMap (xaritani yuklaganda IP manzilingiz ko'rinadi); Google Analytics va Yandex Metrika; shaxsni tasdiqlashda Anthropic; xosting.

Qonun talab qilgan holatlarda vakolatli organlarga.

Nima QILMAYMIZ

  • Ma'lumotingizni sotmaymiz.
  • Uchinchi tomonga reklama uchun bermaymiz.
  • Sotuvchiga boshqa do'konlardagi buyurtmalaringizni ko'rsatmaymiz.
  • Sotuvchining karta ma'lumotini xaridorga, xaridornikini sotuvchiga ko'rsatmaymiz.

Qanday himoyalanadi

Ulanish HTTPS orqali shifrlanadi. Parol qaytarib o'qib bo'lmaydigan shaklda (hash) saqlanadi. SMS kodlari ham hash bilan saqlanadi va qisqa muddatdan keyin kuchini yo'qotadi. Karta raqamlari shifrlangan holda saqlanadi.

Ma'lumotga kirish xodimlar orasida vazifaga qarab cheklangan.

Qancha saqlanadi

  • Hisob ma'lumoti — hisob mavjud ekan; o'chirilgach quyidagi bo'limga qarang.
  • Buyurtma va to'lov yozuvlari — buxgalteriya va soliq qonunchiligi talab qilgan muddat davomida, hisob o'chirilgandan keyin ham.
  • Faollik jurnali (qurilma ID bilan) — 90 kun. Servis e'lonlari statistikasi (ko'rish, qo'ng'iroq, Telegram va xarita bosishlari; IP manzil o'zi emas, faqat xeshi) — 180 kun. Telegram navbatidagi xabarlar — 30 kun. SMS kodlari — bir necha daqiqa.

Hisobni o'chirish

Hisobni ilovadan (Profil > "Hisobni o'chirish") yoki ilovasiz, so'rov orqali o'chirishingiz mumkin. Qadamlar, nima o'chirilishi va nima saqlanishi: https://tezdetal.uz/hisobni-ochirish.

Sizning huquqlaringiz

Murojaat: @tezdetal_uz, +998 90 004 49 01 yoki tezdetal@gmail.com.

  • Biz sizda qanday ma'lumot saqlayotganimizni so'rash.
  • Noto'g'ri ma'lumotni tuzatish — ko'pchiligini profilda o'zingiz o'zgartirasiz.
  • Hisobni o'chirish. Buyurtma yozuvlari qonuniy muddat davomida saqlanib qoladi.
  • Telegram xabarlaridan, cookie'dan va joylashuvdan voz kechish. Buyurtma holati haqidagi xabarlar xizmatning bir qismi.

Bolalar

Xizmat 16 yoshga to'lmaganlarga mo'ljallanmagan. Biz ularning ma'lumotini bila turib yig'maymiz. Agar bola ma'lumoti kiritilganini bilsangiz, yozing — o'chiramiz.

Siyosatdagi o'zgarishlar

Siyosat o'zgarsa, shu sahifada yangi tahrir va sana e'lon qilinadi. Muhim o'zgarishlar haqida ilova yoki sayt orqali xabar beramiz. Joriy tahrir 2026-11-06 dan kuchda.

Rekvizitlar

Tashkilot:
«TEZ KOD» mas'uliyati cheklangan jamiyati
STIR:
313057467
Manzil:
Toshkent sh., Olmazor tumani, Chuqursoy MFY, Qora-Qamish 1/4, 20-uy, 19-xonadon
Telefon:
+998 90 004 49 01
Savol bormi? Bizga yozing